O`ZBEK TILI VA UMUMINSONIY QADRIYATLAR
Til - millatning ulkan boyligi, bebaho mulki, har bir xalqning madaniyati va tarixidir. Respublikamizda ta'lim sohasida o`tkazilayotgan isloxotlar bir tomondan ta'lim mazmunini takomillashtirish, ikkinchi tomondan, ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni jadal joriy etishni, shu asosda yuksak bilimli va madaniyatli barkamol avlodni tarbiyalash, ularda vatanparvarlik, milliy istiqlol g`oyasiga sodiqlik, milliy-ma'naviy qadriyatlarga, xususan o`zbek tiliga hurmat ruhini singdirish, sharqona odob-ahloq, eng yuksak ma'naviy-ahloqiy fazilatlarni tarkib toptirishni taqozo etmoqda.
Prezidentimizning "Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch" asarida o`zbek tiliga alohida urg`u berilib, "1992 yil 7 dekabrda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan aniq belgilanib, mustahkamlab qo`yildi. Shu tariqa o`zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog`i, gerbi, madhiyasi, Konstitusiyasi qatorida turadigan, qonun yo`li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi", - deb ta'kidlab o`tilishi bejiz emas.
Bugungi kunda O`zbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida"gi, "Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida"gi Qonunlarning ijrosini ta'minlash bo`yicha muayyan ishlar amalga oshirilganini ta'kidlash joiz. Mamlakatimizdagi ta'limning barcha bosqichlarida ana shu alifbo asosida bilim berilmoqda. Darsliklar, o`quv dasturlari, o`quv qo`llanmalari, badiiy adabiyotlarning barchasi lotin alifbosida chop etilayotgani buning isbotidir.
O`zbek tili ta'limi bo`yicha mashg`ulotlarning sifat va samaradorligini oshirishda yangi pedagogik texnologiyalar asosida yaratilgan o`quv-metodik adabiyotlarning ahamiyati katta. Shu maqsadda joriy o`quv yilida 2,8,9-sinf "O`zbek tili" darsliklari qayta ishlanib takomillashtirildi. 3-sinf darsligi tanlov asosida yangilandi. Mazkur darsliklarning dizayni ham talab darajasida bo`lib, rasmlar, topshiriqlar, jadvallar va sarlavhalarning rangli berilganligi, muqovada milliylikka e'tibor qaratilganligi darsliklarning qiymatini oshirgan.
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining 2007 yil 18 yanvardagi "Umumta'lim muassasalarida Fan oyliklarini o`tkazish to`g`risida"gi 16-sonli buyrug`i asosida 2007 yildan e'tiboran jadval asosida fan oyliklari o`tkazib kelinmoqda. O`zbek tili ta'limidan "Fan oyligi"ni o`tkazishdan maqsad ta'lim tilidan qat'iy nazar maktab o`quvchilari ongi va qalbiga milliy g`oya va mafkurani singdirish, ularda milliy va umumbashariy qadriyatlarga, shu jumladan o`zbek (davlat) tiliga mehr-muhabbat va hurmat, ona-Vatanga sadoqat, insonlararo bag`rikenglik kabi eng yuksak tuyg`ularni kamol toptirishdan iborat. Umumta'lim maktablarida ona tili, o`zbek tili fan oyliklarining oktyabr oyida o`tkazilishi "Davlat tili haqida"gi Qonunning amaliyotdagi ijrosi bilan bevosita bog`liqdir. Shu maqsadda "Fan oyligi"ni o`tkazish bo`yicha tadbirlar rejasida ona tili va o`zbek tili ta'limi samaradorligini oshirishga yo`naltirilgan vazifalar, Respublikamiz hayotidagi dolzarb masalalar qamrab olinadi.
Bu yil tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 21 yil (1989) to`ladi. Shu munosabat bilan ta'lim muassasalarida, boshqarma va idoralarda tilshunos olimlar, shoirlar, yozuvchilar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, adabiy kechalar, davra suhbatlari, seminarlar, ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish va ularni yuqori saviyada o`tkazish an'anaga aylangan.
Bunday tadbirlarni o`tkazishdan maqsad ta'lim tilidan qat'iy nazar barcha maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab o`quvchilari ongi va qalbiga milliy istiqlol g`oyasi va mafkurasini singdirish, ularda milliy va umumbashariy qadriyatlarga, shu jumladan ona tiliga, o`zbek (davlat) tiliga mehr-muhabbat va hurmat, ona-Vatanga sadoqat, insonlararo bag`rikenglik kabi eng yuksak tuyg`ularni kamol toptirishdir.
Shu maqsadda O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi Respublika ta'lim markazi Toshkent shahar Xalq ta'limi Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda 15 oktyabr kuni "O`zbek tili va umuminsoniy qadriyatlar" mavzusidagi doimiy ilmiy-amaliy anjuman hamda 2,8,9-sinf "O`zbek tili" darsliklari taqdimotini o`tkazadi. Mazkur tadbirda tilshunos olimlar, darslik mualliflaridan professor olimlar N.Mahmudov, B.To`xliev, R.Sayfullaeva, R.Tolipovalar; filologiya fanlari nomzodi, dosentlar: M.Qodirov, S.Sultonsaidova, A.Rafiev, O`.Lafasovlar bilan amaliyotchi o`qituvchilarning uchrashuvi tashkil qilinadi. Mazkur tadbirni o`tkazishdan maqsad - Respublikamizdagi ta'lim rus, qozoq, qoraqalpoq, tojik, turkman, qirg`iz tillarida olib boriladigan maktablarda o`zbek tili ta'limi sifati va samaradorligini tahlil eta borish va uni yanada yaxshilashga erishishdir.